14-modda
Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisida · Sana: 16.12.1966 · Amalda
1. Barcha shaxslar sudlar va tribunallar oldida tengdir. Har bir kishi unga qoʻyilayotgan har qanday jinoiy ayblov koʻrib chiqilayotganda yoki biror-bir fuqarolik jarayonida uning huquq va burchlari aniqlanayotganida qonunga asosan tuzilgan vakolatli, mustaqil va xolis sud tomonidan mazkur ish adolatli hamda ochiq holda koʻrib chiqilishi huquqiga ega. Demokratik jamiyatda axloq yuzasidan, jamiyat tartibi yoki davlat xavfsizligi nuqtai nazaridan yoki buni tomonlarning shaxsiy hayoti manfaatlari talab etganida yoki sud fikriga koʻra bu qandaydir darajada qatʼiyan zarur deb topilganida, yaʼni omma koʻz oʻngida boʻladigan jarayon sudlov manfaatlariga halal beradigan alohida hollarda matbuot xodimlari va omma barcha majlislarga yoki shu majlislarning bir qismiga kiritilmasligi mumkin; biroq balogʻat yoshiga yetganlarning manfaatlari boshqacha talab etganda yoki nikoh borasidagi nizolarga yoki bolalarga vasiylik qilishga aloqador ishlar bundan mustasno boʻlgan hollarda jinoiy yoki fuqarolik ishi boʻyicha chiqarilgan har qanday sud qarori oshkora boʻlishi kerak.
2. Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har qanday kishi qonunga muvofiq aybi isbotlanmaguncha aybsiz deb sanalish huquqiga ega.
3. Har bir kishi oʻziga qoʻyilgan har qanday ayblov koʻrib chiqilayotganda toʻliq tenglik asosida kamida quyidagi kafolatlar taʼminlanishi huquqiga ega:
a) oʻziga qoʻyilgan ayblov xususiyati va asoslari haqida oʻzi tushunadigan tilda darhol va batafsil xabardor etilish;
b) oʻz himoyasini tayyorlash va oʻzi tanlagan himoyachi bilan muloqotda boʻlish uchun yetarlicha vaqt va imkoniyatga ega boʻlish:
c) asossiz holda toʻxtatib turilmasdan oʻz ishining sudda koʻrib chiqilishi;
d) oʻzi qatnashib sud qilinishi va oʻzining oʻzi yoki tanlab olingan himoyachi vositasida himoya qilinishi; agar himoyachisi boʻlmasa, unga ega boʻlish huquqi borligi haqida xabardor qilinishi; odil sud manfaatlari talab etgan har qanday holda oʻziga tayinlangan himoyachiga ega boʻlish, unga toʻlash uchun yetarli mablagʻi boʻlmagan barcha hollarda oʻziga himoyachining tekinga berilishi;
e) oʻziga qarshi koʻrsatuv berayotgan guvohlarni soʻroq qilish yoki ana shu guvohlar soʻroq kilinishi huquqiga ega boʻlish va unga qarshi koʻrsatuv berayotgan guvohlar uchun boʻlgan shartlarda uning oʻzi tanlagan guvohlarning tergovga chaqirilishi va soʻroq qilinishi huquqiga ega boʻlish;
f) agar sudda qoʻllanilayotgan tilni tushunmasa yoki bu tilda soʻzlay olmasa bepul tarzda tarjimon koʻmagidan foydalanish;
