41-modda. Baholovchi tashkilot
Baholash faoliyati toʻgʻrisida (811-I-son) · Sana: 19.08.1999 · Amalda
Baholovchi tashkilot baholash faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxsdir.
Baholovchi tashkilot oʻz faoliyatida mustaqildir. Xizmatlarning isteʼmolchisi (bundan buyon matnda buyurtmachi deb yuritiladi) yoki boshqa manfaatdor shaxslarning baholovchi tashkilot faoliyatiga aralashishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Baholovchi tashkilot qonunchilikda nazarda tutilgan istalgan tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etilishi va oʻz faoliyatini amalga oshirishi mumkin, aksiyadorlik jamiyati bundan mustasno. Bunda quyidagi majburiy shartlarga rioya etilishi kerak:
baholovchi tashkilotning rahbari baholovchi boʻlishi;
baholovchi tashkilotning shtat birligi tegishli malakaga ega boʻlgan baholovchilarning shtatdagi eng kam soniga doir, qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi;
baholovchi tashkilotda baholovchi tashkilotning fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchining majburiyatlari kuchga kirganligini tasdiqlovchi sugʻurta polisining mavjudligi.
baholovchi tashkilotlarning professional jamoat birlashmalaridan biriga aʼzo boʻlish;
Baholovchi (baholovchilar) faqat bitta baholovchi tashkilotning muassisi (ishtirokchisi) boʻlishi mumkin.
Agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining baholovchi tashkilotni tashkil etishi, shuningdek baholash faoliyatini amalga oshirishi taqiqlanadi.
