6-modda. Tijorat siri mulkdorining huquqlari
Tijorat siri toʻgʻrisida (O‘RQ-374-son) · Sana: 11.09.2014 · Amalda
Tijorat siri mulkdorining huquqlari mulkdor tomonidan axborotga nisbatan tijorat siri rejimi oʻrnatilgan paytdan eʼtiboran vujudga keladi.
Tijorat sirining mulkdori quyidagi huquqlarga ega:
tijorat siri rejimini yozma shaklda belgilash, oʻzgartirish va bekor qilish;
tijorat siridan foydalanish tartibi va shartlarini belgilash;
mehnat munosabatlari jarayonida tijorat siridan foydalanishga ijozat berish yoki ijozat berishni taqiqlash;
tijorat siridan oʻz ehtiyojlari uchun foydalanish;
tijorat sirini uning maxfiyligini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi shartlar kiritilishini nazarda tutadigan shartnomalar asosida fuqarolik muomalasiga kiritish;
tasodifan va (yoki) yanglishib amalga oshirilgan harakatlar natijasida tijorat sirini qoʻlga kiritgan shaxslardan uning maxfiyligi muhofaza qilinishini talab qilish;
tijorat siri uchinchi shaxslar tomonidan oshkor etilgan, qonunga xilof ravishda olingan yoki undan qonunga xilof ravishda foydalanilgan hollarda oʻz huquqlarini qonunda belgilangan tartibda himoya qilish, shu jumladan oʻz huquqlari buzilishi natijasida yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini talab qilish.
Tijorat sirining mulkdori qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
