5-modda. Tijorat sirini tashkil etishi mumkin boʻlmagan maʼlumotlar
Tijorat siri toʻgʻrisida (O‘RQ-374-son) · Sana: 11.09.2014 · Amalda
Quyidagi maʼlumotlar tijorat sirini tashkil etishi mumkin emas:
davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan mol-mulkka doir huquqlar va bu huquqlar boʻyicha bitimlar toʻgʻrisidagi;
yuridik shaxsning taʼsis hujjatlaridagi, yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxs tashkil etmagan dehqon xoʻjaliklari haqidagi yozuvlar tegishli davlat reyestrlariga kiritilganligi faktini tasdiqlaydigan hujjatlardagi;
tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi hujjatlardagi;
davlat muassasasining mol-mulki tarkibi toʻgʻrisidagi va ular tomonidan tegishli budjet mablagʻlaridan foydalanilishi haqidagi;
atrof muhitning ifloslanishi, yongʻin xavfsizligining holati, sanitariya-epidemiologik va radiatsiyaviy vaziyat, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi hamda ishlab chiqarish obyektlarining xavfsiz faoliyat koʻrsatishini, har bir fuqaroning va butun aholining xavfsizligini taʼminlashga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi boshqa omillar haqidagi;
xodimlarning soni va tarkibi, mehnatga haq toʻlash tizimi va mehnat sharoitlari toʻgʻrisidagi, shu jumladan mehnatni muhofaza qilish, ishlab chiqarishdagi jarohatlanishlar va kasb kasalliklari koʻrsatkichlari, shuningdek boʻsh ish oʻrinlari bor-yoʻqligi haqidagi;
ish beruvchilarning ish haqi toʻlash va ijtimoiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorligi toʻgʻrisidagi;
qonunchilik buzilishlari va bunday buzilishlarni sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish faktlari toʻgʻrisidagi;
davlat mulkini xususiylashtirish shartlari haqidagi;
notijorat tashkilotlar daromadlarining miqdorlari va tuzilishi, ushbu tashkilotlarning mol-mulki miqdorlari va tarkibi haqidagi, ularning xarajatlari, bu tashkilotlar xodimlarining (aʼzolarining) soni va mehnatiga haq toʻlash, notijorat tashkilotning faoliyatida fuqarolarning tekin mehnatidan foydalanilishi toʻgʻrisidagi;
yuridik shaxs nomidan ishonchnomasiz ish yuritish huquqiga ega boʻlgan shaxslarning roʻyxati haqidagi;
davlat statistika hisoboti sifatida taqdim etilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar.
Oshkor etilishi shartligi yoki foydalanishni cheklashga yoʻl qoʻyilmasligi boshqa qonunda belgilangan maʼlumotlar tijorat sirini tashkil etishi mumkin emas.
