9-modda. Shirkatning ustav fondi (ustav kapitali)
Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida (308-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Shirkatning ustav fondi (ustav kapitali) uning ishtirokchilari ulushlarining nominal qiymatidan tarkib topadi.
Shirkat ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori shirkatni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun hujjatlarni taqdim etish sanasidagi holatga koʻra qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan kam boʻlmasligi kerak.
Shirkat ishtirokchisining shirkat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushining miqdori foizlarda yoki kasr koʻrinishida belgilanadi. Shirkat ishtirokchisi ulushining miqdori uning ulushining nominal qiymati bilan shirkat ustav fondining (ustav kapitalining) oʻzaro nisbatiga muvofiq boʻlishi kerak.
Shirkat ishtirokchisi ulushining haqiqiy qiymati shirkat sof aktivlari qiymatining uning shirkat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushi miqdoriga mutanosib boʻlgan bir qismiga mos boʻladi.
Shirkat davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan paytga qadar uning har bir ishtirokchisi oʻz hissasining kamida oʻttiz foizini shirkatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) kiritishi shart. Hissaning qolgan qismi taʼsis shartnomasida koʻrsatilgan muddatda kiritilishi lozim boʻlib, bu muddat shirkat davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran bir yildan oshmasligi kerak.
