4-modda. Xoʻjalik shirkatining taʼsis shartnomasi
Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida (308-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Taʼsis shartnomasi xoʻjalik shirkatining taʼsis etish hujjati hisoblanadi.
Taʼsis shartnomasida quyidagi maʼlumotlar boʻladi:
taʼsis etilayotgan xoʻjalik shirkatining turi, uning faoliyat sohasi, maqsadlari va muddatlari;
muassislarning (ishtirokchilarning) tarkibi;
taʼsis etilayotgan xoʻjalik shirkatining firma nomi va pochta manzili;
ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori va uni hosil qilish tartibi;
xoʻjalik shirkati har bir ishtirokchisi ulushining miqdori va nominal qiymati;
xoʻjalik shirkati ishtirokchilari hissalarining tarkibi, ularni kiritish muddatlari va tartibi;
xoʻjalik shirkatining ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish va kamaytirish tartibi;
xoʻjalik shirkatining faoliyatini boshqarish tartibi;
foydani taqsimlash va zararni qoplash tartibi;
xoʻjalik shirkatini qayta tashkil etish va tugatish tartibi;
qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa shartlar.
Xoʻjalik shirkatining taʼsis shartnomasida, shuningdek uning vakolatxonalari va filiallari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak. Xoʻjalik shirkatining taʼsis shartnomasidagi uning vakolatxonalari va filiallariga oid maʼlumotlar oʻzgarganligi haqidagi axborotlar yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organga bildirish tariqasida taqdim etiladi. Taʼsis shartnomasidagi mazkur oʻzgartishlar yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ bunday oʻzgartishlardan xabardor qilingan paytdan eʼtiboran uchinchi shaxslar uchun kuchga kiradi.
