3-modda. Xoʻjalik shirkati
Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida (308-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Muassislarning (ishtirokchilarning) ulushlariga (hissalariga) boʻlingan ustav fondiga (ustav kapitaliga) ega boʻlgan tijorat tashkiloti xoʻjalik shirkati hisoblanadi, bunday shirkatda muassislar (ishtirokchilar) yoki ulardan ayrimlari shirkat nomidan tadbirkorlik faoliyati yuritishda shaxsan ishtirok etadilar.
Xoʻjalik shirkati toʻliq shirkat yoki kommandit shirkat shaklida tuziladi.
Xoʻjalik shirkati, agar uning taʼsis shartnomasida boshqacha qoida belgilangan boʻlmasa, nomuayyan muddatga tuziladi.
Xoʻjalik shirkati oʻzining mustaqil balansida hisobga olinadigan alohida mol-mulkiga ega boʻladi, oʻz nomidan huquqlarni olishi, majburiyatlarga ega boʻlishi, sudda daʼvogar va javobgar boʻlishi mumkin.
Xoʻjalik shirkati qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday turdagi faoliyatni amalga oshirishi mumkin.
Roʻyxati qonun hujjatlarida belgilanadigan faoliyatning ayrim turlari bilan xoʻjalik shirkati faqat litsenziya asosida shugʻullanishi mumkin.
Xoʻjalik shirkati qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa yuridik shaxslarning muassisi (ishtirokchisi) boʻlishi, vakolatxonalar va filiallar tashkil etishi mumkin.
Xoʻjalik shirkati qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran yuridik shaxs sifatida tuzilgan deb hisoblanadi.
Xoʻjalik shirkati oʻzining toʻliq firma nomi davlat tilida ifodalangan va xoʻjalik shirkatining joylashgan yeri koʻrsatilgan dumaloq muhrga ega boʻlishga haqli. Xoʻjalik shirkatining muhrida uning firma nomi xoʻjalik shirkatining tanloviga koʻra boshqa tillarda ham ifodalanishi mumkin.
Xoʻjalik shirkati oʻzining firma nomi yozilgan shtamplariga va blankalariga, oʻz emblemasiga, shuningdek belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan tovar belgisiga hamda fuqarolik muomalasi ishtirokchilarini, tovarlar, ishlar va xizmatlarni individuallashtiruvchi oʻzga vositalarga ega boʻlishga haqli.
