30-modda. Kommandit shirkat hissa qoʻshuvchisining huquq va majburiyatlari
Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida (308-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Kommandit shirkat hissa qoʻshuvchisi quyidagi huquqlarga ega:
taʼsis shartnomasida nazarda tutilgan tartibda shirkatning foydasidan ustav fondiga (ustav kapitaliga) qoʻshgan hissasiga mutanosib qismini olish;
shirkatning yillik hisobotlari va balanslari bilan tanishish;
moliya yili tugaganidan keyin shirkatdan chiqish va taʼsis shartnomasida nazarda tutilgan tartibda oʻz hissasini olish;
ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) oʻz ulushini yoki uning bir qismini boshqa hissa qoʻshuvchiga yoki uchinchi shaxsga berish. Hissa qoʻshuvchilar ulushni (uning bir qismini) uchinchi shaxsga taklif qilingan bahoda sotib olishda uchinchi shaxslar oldida imtiyozli huquqdan foydalanadilar. Hissa qoʻshuvchi tomonidan butun ulushining oʻzga shaxsga oʻtkazilishi uning shirkatdagi ishtirokini tugatadi.
Kommandit shirkatning taʼsis shartnomasida hissa qoʻshuvchining boshqa huquqlari ham nazarda tutilishi mumkin.
Kommandit shirkatning hissa qoʻshuvchisi shirkatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissani shirkatning taʼsis shartnomasida belgilangan muddatda qoʻshishi shart. Hissaning qoʻshilganligi hissa qoʻshuvchiga shirkat tomonidan beriladigan ishtirok etish toʻgʻrisidagi guvohnoma bilan tasdiqlanadi.
