28-modda. Kommandit shirkat tushunchasi
Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida (308-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Shirkat nomidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan hamda shirkatning majburiyatlari boʻyicha oʻzlarining butun mol-mulklari bilan javob beradigan ishtirokchilar (toʻliq sheriklar) bilan bir qatorda shirkat faoliyati bilan bogʻliq zararlar uchun oʻzlari qoʻshgan hissalar doirasida javobgar boʻladigan hamda shirkat tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda ishtirok etmaydigan bir yoki bir necha ishtirokchi (hissa qoʻshuvchi, kommanditchi) mavjud boʻlsa, bunday shirkat kommandit shirkat deb hisoblanadi.
Kommandit shirkatda ishtirok etayotgan toʻliq sheriklarning huquqlari va ularning shirkat majburiyatlari boʻyicha javobgarligi ushbu Qonunning toʻliq shirkat ishtirokchilari toʻgʻrisidagi qoidalari bilan belgilanadi.
Shaxs faqat bitta kommandit shirkatda toʻliq sherik boʻlishi mumkin.
Toʻliq shirkat ishtirokchisi kommandit shirkatda toʻliq sherik boʻla olmaydi.
Kommandit shirkatdagi toʻliq sherik oʻsha shirkatning oʻzida hissa qoʻshuvchi va boshqa toʻliq shirkatda ishtirokchi boʻlishi mumkin emas.
Kommandit shirkatning firma nomi yo barcha toʻliq sheriklarning nomlarini (nomlanishini) va “kommandit shirkat” degan soʻzlarni yoxud kamida bitta toʻliq sherikning “va kompaniya” degan soʻzlar qoʻshilgan holdagi nomini (nomlanishini), shuningdek “kommandit shirkat” degan soʻzlarni oʻz ichiga olishi kerak.
Agar kommandit shirkatning firma nomiga hissa qoʻshuvchining nomi kiritilgan boʻlsa, bunday hissa qoʻshuvchi toʻliq sherikka aylanadi.
Agar ushbu Qonunning kommandit shirkat toʻgʻrisidagi qoidalarida boshqacha hol nazarda tutilgan boʻlmasa, kommandit shirkatga nisbatan ushbu Qonunning toʻliq shirkat toʻgʻrisidagi qoidalari qoʻllaniladi.
