27-modda. Shirkatni qayta tashkil etish va tugatish
Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida (308-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Shirkatni qayta tashkil etish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Shirkat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslarga koʻra, shuningdek shirkatda yagona ishtirokchi qolgan taqdirda tugatiladi. Bunday ishtirokchi shirkatning yagona ishtirokchisiga aylangan paytdan eʼtiboran olti oy ichida yangi ishtirokchilarni qabul qilishga va shirkatni saqlab qolishga, shirkat tomonidan amalga oshirilayotgan faoliyatni moliyalashtirish toʻgʻrisida hissa qoʻshuvchilar bilan shartnoma tuzishga va kommandit shirkat tuzishga, shirkatni qayta tuzish yoki tugatishga haqlidir.
Agar shirkatning taʼsis shartnomasida yoki qolgan ishtirokchilarning kelishuvida shirkat oʻz faoliyatini davom ettirishi nazarda tutilgan boʻlmasa, shirkat ushbu Qonun 22-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan hollarda ham tugatiladi.
