25-modda. Ishtirokchining shirkatdan chiqib ketishi oqibatlari
Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida (308-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Shirkatdan chiqib ketgan ishtirokchiga, agar taʼsis shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, shirkat mol-mulkining shu ishtirokchining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga toʻgʻri keladigan qismining qiymati toʻlanadi. Chiqib ketayotgan ishtirokchining qolgan ishtirokchilar bilan kelishuviga binoan mol-mulkning qiymatini toʻlash mol-mulkni asli holida berish bilan almashtirilishi mumkin.
Shirkat mol-mulkining chiqib ketayotgan ishtirokchiga tegishli qismi yoki uning qiymati chiqib ketish paytidagi holatga koʻra tuziladigan balans boʻyicha aniqlanadi, ushbu Qonun 17-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan hol bundan mustasno.
Chiqib ketayotgan ishtirokchiga shirkat shu yili olgan foydaning unga tegishli qismi toʻlanadi.
Shirkat ishtirokchisi vafot etgan taqdirda, uning merosxoʻri faqat boshqa ishtirokchilarning roziligi bilan shirkatga kirishi mumkin.
Shirkatda ishtirok etgan qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning huquqiy vorisi boʻlgan yuridik shaxs, agar shirkatning taʼsis shartnomasida oʻzgacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, boshqa ishtirokchilarning roziligi bilan shirkatga kirishga haqli.
Shirkatga kirmagan merosxoʻr (huquqiy voris) bilan hisob-kitoblar ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlariga muvofiq amalga oshiriladi. Oʻziga tegishli mol-mulkni olgan, lekin shirkatga kirmagan merosxoʻr (huquqiy voris) shirkatning majburiyatlari yuzasidan ushbu Qonun 21-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq javobgar boʻladi.
Ishtirokchilardan biri shirkatdan chiqib ketgan taqdirda, agar taʼsis shartnomasida yoki ishtirokchilarning oʻzga kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, qolgan ishtirokchilarning shirkat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushi tegishincha koʻpayadi.
