19-modda. Birja savdo-sotigʻi qoidalari
Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida (625-XII-son) · Sana: 02.07.1992 · Kuchini yo'qotgan
1. Birja savdo-sotigʻi qoidalari birja aʼzolarining umumiy yigʻilishi yoki umumiy yigʻilish vakolat bergan birjaning boshqaruv idorasi tomonidan tasdiqlanadi.
2. Birja savdo-sotigʻi qoidalarida:
birjada amalga oshiriladigan birja operatsiyalarining turlari;
birja savdo-sotigʻi ishtirokchilarining tarkibi va ularga qoʻyiladigan talablarning majmui;
birja operatsiyalarini amalga oshirish va roʻyxatdan oʻtkazish tartibi;
birja tovarlari narx-navosini aniqlash tartibi;
birja bitimlari tuzish chogʻida birja aʼzolari va birja savdo-sotigʻi boshqa qatnashchilarining oʻzaro hisob-kitob qilish tartibi;
birja xizmatidan foydalanganlik uchun toʻlov miqdori va bu toʻlovlarni belgilash tartibi;
birja qatnashchilari va xodimlarining birja savdo-sotigʻi qoidalarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarligi toʻgʻrisidagi nizom aks ettirilishi shart.
3. Birja qoidalarida:
narx-navoning oʻzgarishiga taʼsir koʻrsatish maqsadida bir shaxs tomonidan bevosita yoki soxta shaxslar orqali tovarlarni (bitimlarni) oldi-sotdi qilish;
birja savdo-sotigʻi qatnashchilari tomonidan kelishib turib birjadagi kundalik narx-navoni oʻzgartirishi yoki belgilab berishi mumkin boʻlgan har qanday xatti-harakatlar sodir etish;
bozor konʼyukturasini sunʼiy ravishda oʻzgartirishga olib kelishi mumkin boʻlgan soxta maʼlumotlar tarqatish man etiladi.
4. Birja faoliyati bilan shugʻullanishni roʻyxatdan oʻtkazuvchi va bunday faoliyat bilan shugʻullanish uchun litsenziya beruvchi davlat boshqaruvi idoralari birja savdo-sotigʻi qoidalarining ijro etilishi respublika iqtisodiyotiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan taqdirda ushbu Qonun 16-moddasining talablariga muvofiq ana shu qoidalarga oʻzgartishlar kiritishni talab qilishga haqlidirlar.
