31-modda. Rasmiy ogohlantirish
Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-371-son) · Sana: 14.05.2014 · Amalda
Rasmiy ogohlantirish shaxsga uning gʻayriijtimoiy xulq-atvorni davom ettirishiga yoʻl qoʻyib boʻlmasligi toʻgʻrisida yozma ravishda tushuntirishdan, shuningdek huquqbuzarlik sodir etishga moyil boʻlgan shaxsni huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlik haqida ogohlantirishdan iborat boʻladi.
Rasmiy ogohlantirish huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ yoki muassasaning huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshirishga masʼul boʻlgan mansabdor shaxsi tomonidan chiqariladi hamda shaxsga imzo qoʻydirib eʼlon qilinadi, u imzo qoʻyishdan bosh tortgan taqdirda esa, rasmiy ogohlantirishga bu haqda yozib qoʻyiladi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ yoki muassasaning huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshirishga masʼul boʻlgan mansabdor shaxsi rasmiy ogohlantirish chiqarilganligi toʻgʻrisida u qaysi shaxsga eʼlon qilingan boʻlsa, oʻsha shaxsning ish (oʻqish) joyidagi ish beruvchiga (maʼmuriyatga) yoki yashash joyidagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga xabar qilishga haqli.
Rasmiy ogohlantirishning shakli Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
