30-modda. Profilaktika suhbati
Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-371-son) · Sana: 14.05.2014 · Amalda
Profilaktika suhbati shaxsni jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishga ishontirishdan, gʻayriijtimoiy xulq-atvorning ijtimoiy va huquqiy oqibatlarini hamda huquqbuzarlik sodir etganlik uchun qonunda belgilangan javobgarlikni tushuntirishdan iborat boʻladi.
Profilaktika suhbati shaxsni profilaktik hisobga qoʻyishda ham oʻtkaziladi.
Profilaktika suhbati huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ yoki muassasaning huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshirishga masʼul boʻlgan vakili tomonidan oʻtkaziladi.
Profilaktika suhbati huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ yoki muassasa joylashgan yerda, shuningdek shaxsning yashash, oʻqish, ish joyida yoxud bevosita gʻayriijtimoiy xulq-atvor yoki huquqbuzarlik aniqlangan joyda oʻtkaziladi.
Profilaktika suhbati davomida shaxsning oʻziga xos xususiyatlari, uning turmush tarzi va ijtimoiy-maishiy yashash sharoitlari, shuningdek gʻayriijtimoiy xulq-atvorning yoki sodir etilgan huquqbuzarlikning sabablari va shart-sharoitlari aniqlanadi.
Ilgari oʻtkazilgan profilaktika suhbati ijobiy natija bermagan va shaxs gʻayriijtimoiy xulq-atvorni yoki huquqbuzarlik sodir etishga moyillikni davom ettirgan hollarda, unga nisbatan rasmiy ogohlantirish qoʻllaniladi.
