3-modda. Asosiy tushunchalar
Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-371-son) · Sana: 14.05.2014 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish — huquqbuzarlikdan jabrlanuvchiga, gʻayriijtimoiy xulq-atvorli, huquqbuzarlik sodir etishga moyil boʻlgan, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik va boshqa turdagi yordam koʻrsatishga, shuningdek ularga jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini singdirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui;
profilaktik hisob axborot tizimi — shaxsni elektron profilaktik hisobga olish va hisobdan chiqarish chogʻidagi axborotni toʻplash, saqlash, izlash, unga ishlov berish hamda undan foydalanish imkonini beradigan, tashkiliy jihatdan tartibga solingan axborot resurslari, axborot texnologiyalari va aloqa vositalari;
gʻayriijtimoiy xulq-atvor — shaxsning jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini buzuvchi turmush tarzi, harakati yoki harakatsizligi;
huquqbuzarlik — sodir etilganligi uchun maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan aybli gʻayrihuquqiy qilmish (harakat yoki harakatsizlik);
huquqbuzarlikdan jabrlanuvchi — jismoniy, maʼnaviy yoki mulkiy zarar yetkazilganligi oqibatida huquqbuzarlikdan jabrlangan shaxs;
huquqbuzarliklar profilaktikasi — huquq-tartibotni saqlash hamda mustahkamlash, huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga barham berish, shuningdek huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish maqsadida qoʻllaniladigan huquqbuzarliklar umumiy, maxsus, yakka tartibdagi va viktimologik profilaktikasining huquqiy, ijtimoiy, tashkiliy va boshqa chora-tadbirlari tizimi;
huquqbuzarlik sodir etishga moyil boʻlgan shaxs — oʻzining gʻayriijtimoiy xulq-atvori xavfliligi tufayli huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli holatida boʻlgan jismoniy shaxs.
