10-modda. Ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi vakolatlari
Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-371-son) · Sana: 14.05.2014 · Amalda
Ichki ishlar organlari:
huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir dasturlarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
mamlakatdagi, ayrim mintaqalardagi, tumanlar va shaharlardagi kriminogen vaziyatni oʻrganadi, mavjud kuchlar va vositalardan huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularni bartaraf etishda foydalanilishi samaradorligi tahlilini amalga oshiradi;
huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiradi, shu jumladan huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlaydi, bartaraf etadi;
huquqbuzarliklarning, ularni sodir etgan shaxslar va huquqbuzarliklardan jabrlanuvchilarning hisobini yuritadi, mazkur maʼlumotlarning tahlilini amalga oshiradi;
ushbu Qonunning 35-moddasida nazarda tutilgan shaxslarni profilaktik hisobga olishni amalga oshiradi;
faoliyati taqiqlangan tashkilotlarga va diniy-ekstremistik yoʻnalishdagi guruhlarga aloqador boʻlgan shaxslarni aniqlaydi, ularga nisbatan chora-tadbirlar koʻradi;
pasport-viza rejimiga, fuqarolar va yuridik shaxslar tomonidan fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning oʻq-dorilarini saqlash qoidalari hamda tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni taʼminlaydi;
jinoyatlarni fosh etishda va tergovga, sudga kelishdan boʻyin tovlayotgan shaxslar hamda bedarak yoʻqolgan fuqarolar qidiruvida ishtirok etadi;
ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish chora-tadbirlarini koʻradi;
huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda muassasalar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
Ichki ishlar organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
