74-modda. Jamiyatning kuzatuv kengashi
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyatning kuzatuv kengashi jamiyat faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, ushbu Qonun va jamiyat ustavi bilan aksiyadorlar umumiy yigʻilishining vakolat doirasiga kiritilgan masalalarni hal etish bundan mustasno.
Ovoz beruvchi aksiyalar egasi boʻlgan aksiyadorlarning soni oʻttiz kishidan kam boʻlgan jamiyatda jamiyat kuzatuv kengashining vazifalari jamiyat ustavi bilan aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi zimmasiga yuklatilishi mumkin. Bunday hollarda jamiyat ustavida aksiyadorlar umumiy yigʻilishini oʻtkazish masalasini hal etish oʻz vakolat doirasiga kiritilgan muayyan shaxs yoki jamiyatning boshqaruv organi koʻrsatilishi kerak.
Aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qaroriga koʻra jamiyat kuzatuv kengashining aʼzolariga ular oʻz vazifalarini bajarib turgan davr uchun haq toʻlanishi va (yoki) kuzatuv kengashining aʼzosi vazifalarini bajarish bilan bogʻliq xarajatlarining oʻrni qoplanishi mumkin. Bunday haq va toʻlovlarning miqdorlari aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi qarorida belgilanadi.
Eng muhim masalalarni koʻrib chiqish va jamiyatning kuzatuv kengashiga tavsiyalar tayyorlash uchun kuzatuv kengashi aʼzolari orasidan qoʻmitalar tashkil etilishi mumkin.
Aksiyalari fond birjasining birja kotirovkasi varagʻiga kiritilgan jamiyat faqat mazkur jamiyat kuzatuv kengashining aʼzolaridan tarkib topgan audit qoʻmitasini tashkil etishi shart. Jamiyatning ichki audit xizmati, agar bunday xizmat mavjud boʻlsa, oʻz faoliyatida audit qoʻmitasiga hisobdordir.
Qoʻmitalarni shakllantirish va ularning ishlash tartibi, soni va tarkibi jamiyatning kuzatuv kengashi toʻgʻrisidagi nizomda belgilanadi.
