73-modda. Aksiyadorlar umumiy yigʻilishining bayonnomasi
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Aksiyadorlar umumiy yigʻilishining bayonnomasi aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi yopilganidan keyin oʻn kundan kechiktirmay ikki nusxada tuziladi. Har ikkala nusxa ham umumiy yigʻilishda raislik qiluvchi va umumiy yigʻilish kotibi tomonidan imzolanadi.
Aksiyadorlar umumiy yigʻilishining bayonnomasida:
aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi oʻtkazilgan sana, vaqt va joy;
jamiyatning ovoz beruvchi aksiyalariga egalik qiluvchi aksiyadorlar ega boʻlgan ovozlarning umumiy soni;
umumiy yigʻilishda ishtirok etgan aksiyadorlar ega boʻlgan ovozlarning soni;
umumiy yigʻilishning raisi (rayosati) va kotibi, yigʻilish kun tartibi koʻrsatiladi.
Aksiyadorlar umumiy yigʻilishining bayonnomasida maʼruzalarning asosiy qoidalari, ovozga qoʻyilgan masalalar hamda ular yuzasidan oʻtkazilgan ovoz berish yakunlari, yigʻilish qabul qilgan qarorlar koʻrsatilishi lozim.
