51-modda. Dividendlarni toʻlash tartibi
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Dividendlar jamiyatning jamiyat tasarrufida qoladigan sof foydasidan va (yoki) oʻtgan yillarning taqsimlanmagan foydasidan toʻlanadi. Imtiyozli aksiyalar boʻyicha dividendlar jamiyatning buning uchun maxsus moʻljallangan fondlari hisobidan ham toʻlanishi mumkin.
Jamiyat tomonidan oddiy aksiyalar boʻyicha hisoblangan dividendlarni toʻlash aksiyadorlarning dividendlarni olishga boʻlgan teng huquqlariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Dividendlarni toʻlash muddati va tartibi jamiyatning ustavida yoki aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi qarorida belgilanadi. Dividendlarni toʻlash muddati shunday qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oltmish kundan kech boʻlmasligi lozim.
Dividendlarni toʻlash chogʻida birinchi navbatda imtiyozli aksiyalar boʻyicha, soʻngra oddiy aksiyalar boʻyicha dividendlar toʻlanadi. Imtiyozli aksiyalar boʻyicha qatʼiy belgilangan dividendlarni toʻlash uchun yetarli miqdorda foyda mavjud boʻlgan taqdirda jamiyat mazkur aksiyalarning egalariga dividendlar toʻlashni rad etishga haqli emas. Jamiyat rad etgan taqdirda aksiyadorlar dividendlar toʻlanishini sud tartibida talab qilishi mumkin. Jamiyat yetarli miqdorda foydaga ega boʻlmagan yoki zarar koʻrib ishlayotgan taqdirda, imtiyozli aksiyalar boʻyicha dividendlar jamiyat tomonidan jamiyatning faqat shu maqsad uchun tashkil etilgan zaxira fondi hisobidan va ushbu fond doirasida toʻlanishi mumkin.
Dividendlarni toʻlash Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi yoki investitsiya vositachilari orqali aksiyadorning mavjud bank hisobvaragʻiga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda avtomatik ravishda amalga oshiriladi. Bunda aksiyadorlik jamiyati aksiyadordan dividendlarni toʻlash toʻgʻrisidagi arizani talab qilishga haqli emas.
Jamiyat Oʻzbekiston Respublikasi norezident aksiyadorining yozma talabiga koʻra unga hisoblangan dividendlarni erkin ayirboshlanadigan valyutaga ayirboshlab, mablagʻlarni norezident aksiyador taqdim etgan bank hisobvaragʻiga oʻtkazib berishi shart.
Jamiyat aksiyadorlarining reyestridan olingan, jamiyat tomonidan tasdiqlangan koʻchirma hamda jamiyat buxgalteriyasining hisoblangan dividendlar summasi va ular hisoblangan sana toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasi ayirboshlash uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
