50-modda. Dividendlarni toʻlash toʻgʻrisidagi qaror
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Aksiyalarning har bir turi boʻyicha dividendlarni toʻlash, dividendning miqdori, uni toʻlash shakli va tartibi toʻgʻrisidagi qaror jamiyat kuzatuv kengashining tavsiyasi, moliyaviy hisobotning ishonchliligi haqida auditorlik xulosasi mavjud boʻlgan taqdirda, moliyaviy hisobot maʼlumotlari asosida aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan qabul qilinadi.
Dividendlarning miqdori jamiyat kuzatuv kengashi tomonidan tavsiya etilgan miqdordan koʻp boʻlishi mumkin emas. Bunda davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan korxonalarning aksiyalari fond bozorida ommaviy joylashtirish yoʻli bilan joylashtirilgan taqdirda, kamida yetti yil davomida ushbu korxonalar sof foydasining kamida 30 foizi dividendlarni toʻlashga yoʻnaltiriladi, bundan qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlar mustasno.
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi aksiyalarning muayyan turlari boʻyicha dividendlarni toʻlamaslik toʻgʻrisida, shuningdek jamiyat ustavida dividend miqdori belgilab qoʻyilgan imtiyozli aksiyalar boʻyicha toʻliq boʻlmagan miqdorda dividendlarni toʻlash haqida qaror qabul qilishga haqli. Dividendlarni toʻlash toʻgʻrisidagi qarorda dividendlarni toʻlash boshlanadigan va tugallanadigan sanalar koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Aksiyadorlar umumiy yigʻilishining dividendlarni toʻlash toʻgʻrisidagi qarori qabul qilinganligi va boshqa muhim axborot haqidagi xabar ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran 15 kun ichida joʻnatilganligi faktini va qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi xabarnomani qayd qilgan holda, aksiyadorlar eʼtiboriga mobil telefonga qisqa xabarlar (SMS-xabarlar) va (yoki) elektron pochta (aksiyadorlar reyestrida mobil telefon raqami va elektron pochta manzili mavjud boʻlganda) orqali yetkaziladi.
