44-modda. Jamiyat aksiyadorlarining reyestrini shakllantirish shartlari va tartibi
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyat aksiyadorlarining reyestrini shakllantirish jamiyatning yoki qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organining topshirigʻi, shuningdek ushbu Qonunning 65-moddasida nazarda tutilgan hollarda aksiyadorlarning yozma murojaati asosida Markaziy depozitariy tomonidan amalga oshiriladi. Reyestrning qaysi sanada shakllantirilishi reyestrni shakllantirish toʻgʻrisidagi topshiriqda koʻrsatiladi.
Jamiyat jamiyatning aksiyadorlari reyestrini shakllantirish toʻgʻrisidagi topshiriqlarga imzo qoʻyish huquqiga ega boʻlgan shaxslar haqida Markaziy depozitariyni yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Jamiyat aksiyadorlarining reyestrini shakllantirishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi, qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Jamiyat aksiyadorlarining reyestrini shakllantirish rad etilgan taqdirda, Markaziy depozitariy reyestrni shakllantirish rad etilganligi toʻgʻrisidagi asoslantirilgan bildirishni jamiyatning topshirigʻi kelib tushgan paytdan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay yuboradi.
Jamiyat aksiyadorlarining reyestrini shakllantirish asossiz rad etilganligi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
