43-modda. Depo hisobvaragʻidan koʻchirma
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Depo hisobvaragʻidan koʻchirma aksiyadorning aksiyalarga boʻlgan huquqlarini tasdiqlaydigan, Markaziy depozitariy va (yoki) investitsiya vositachisi tomonidan beriladigan hujjatdir.
Aksiyadorga uning aksiyalarga boʻlgan huquqlarini hisobga olish boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi Markaziy depozitariy va (yoki) investitsiya vositachisi aksiya egasining yoki uning qonuniy vakilining talabiga koʻra ikki ish kuni ichida depo hisobvaragʻidan koʻchirma berishi shart. Qimmatli qogʻozlarning egasi depo hisobvaragʻidan koʻchirmaga oʻziga taalluqli boʻlmagan axborot, shu jumladan boshqa qimmatli qogʻozlarning egalari hamda ularga tegishli qimmatli qogʻozlarning soni toʻgʻrisidagi axborot kiritilishini talab qilish huquqiga ega emas.
Depo hisobvaragʻidan koʻchirma bergan Markaziy depozitariy va (yoki) investitsiya vositachisi unda koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻliqligi va ishonchliligi uchun javobgar boʻladi. Depo hisobvaragʻidan koʻchirma berish tartibi, koʻchirmaning shakli va mazmuniga oid talablar qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
Davlat aksiyalari paketlari boʻyicha depo hisobvaragʻidan koʻchirma berish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
