281-modda. Jamiyatning majoritar aksiyadori va uning majburiyatlari
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyat ovoz beruvchi aksiyalarining ellik foizidan ortigʻiga egalik qiluvchi yoxud ovoz beruvchi aksiyalari miqdori jamiyatning boshqa har bir aksiyadori ulushiga nisbatan koʻp boʻlgan hamda ovozi qaror natijasiga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan aksiyador majoritar aksiyador deb eʼtirof etiladi.
Agar majoritar aksiyadorga qarorlar jamiyatning va boshqa aksiyadorlarning manfaatlariga zarar keltirishi oldindan ayon boʻlsa, u mazkur qarorlarni shaxsiy manfaatlarini hisobga olib qabul qilmasligi, jamiyat boshqaruv organlarining yigʻilishi kun tartibiga jamiyatning va boshqa aksiyadorlarning manfaatlariga mos kelmaydigan masalalarni yoki hal etilishi jamiyatning va boshqa aksiyadorlarning manfaatlariga zarar yetkazishi oldindan maʼlum boʻlgan masalalarni kiritmasligi shart.
Jamiyatning majoritar aksiyadori ushbu moddada nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmaslik natijasida jamiyatga va boshqa aksiyadorlarga yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻladi.
