28-modda. Imtiyozli aksiyalarning egalari boʻlgan aksiyadorlarning huquqlari
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Imtiyozli aksiyalarning egalari boʻlgan aksiyadorlar, agar ushbu Qonunda va jamiyat ustavida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida ovoz berish huquqiga ega emas.
Jamiyatning imtiyozli aksiyalari ularning egalari boʻlgan aksiyadorlarga bir xil hajmda huquqlar beradi va oddiy aksiyalar bilan bir xil nominal qiymatga ega boʻladi.
Jamiyat tugatilayotganda imtiyozli aksiyalar boʻyicha toʻlanadigan dividendning miqdori va (yoki) qiymat (tugatilish qiymati) jamiyat ustavida belgilab qoʻyilishi lozim. Imtiyozli aksiyalar boʻyicha dividendning miqdori va tugatilish qiymati qatʼiy pul summasida yoki imtiyozli aksiyalarning nominal qiymatiga nisbatan foizlarda belgilanadi. Agar imtiyozli aksiyalar boʻyicha dividend miqdori va tugatilish qiymatini belgilash tartibi jamiyat ustavida koʻrsatilgan boʻlsa ham imtiyozli aksiyalar boʻyicha dividendning miqdori va tugatilish qiymati belgilangan deb hisoblanadi.
Jamiyat ustavida imtiyozli aksiyalar boʻyicha toʻlanmagan yoki toʻliq toʻlanmagan, miqdori ustavda aniqlangan dividendning jamgʻarib borilishi va keyinchalik toʻlanishi belgilab qoʻyilishi mumkin.
Jamiyat ustavida imtiyozli aksiyalarning oddiy aksiyalarga ayirboshlanishi imkoniyati va shartlari belgilanishi mumkin.
Imtiyozli aksiyalarning egalari boʻlgan aksiyadorlar aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida jamiyatni qayta tashkil etish va tugatish toʻgʻrisidagi masalalar hal etilayotganda ovoz berish huquqi bilan ishtirok etadi. Imtiyozli aksiyalarning egalari boʻlgan aksiyadorlar aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida jamiyat ustaviga imtiyozli aksiyalarning egalari boʻlgan aksiyadorlarning huquqlarini cheklaydigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi masalalar, shu jumladan avvalgi navbatdagi imtiyozli aksiyalar boʻyicha toʻlanadigan dividendning miqdorini belgilash yoki koʻpaytirish va (yoki) tugatilish qiymatini belgilash yoki koʻpaytirish masalalari, shuningdek imtiyozli aksiyalarning egalari boʻlgan aksiyadorlarga dividend va (yoki) bu aksiyalarning tugatilish qiymatini toʻlash navbati boʻyicha imtiyozlar berish hollari hal etilayotganda ovoz berish huquqini oladi.
