14-modda. Jamiyatni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyat yuridik shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
Jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtish uchun roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga jamiyatning ustavini va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hujjatlarini taqdim etadi. Davlat tashkilotini oʻzgartirish yoʻli bilan tashkil etilgan, shuningdek bitta muassis tomonidan tashkil etilgan jamiyat jamiyatning ustavini taqdim etadi.
Jamiyatni tashkil etishning qonunda belgilangan tartibini buzish yoki uning ustavi qonunga muvofiq emasligi davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etishga olib keladi. Jamiyatni tashkil etish maqsadga muvofiq emas degan vajlar bilan uni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi. Davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish, shuningdek roʻyxatdan oʻtkazish muddatlarining buzilishi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran koʻpi bilan uch oy muddatda aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi toʻgʻrisidagi, jamiyatning kuzatuv kengashi, ijroiya organi haqidagi (tegishincha direktori, boshqaruvi, ishonchli boshqaruvchi toʻgʻrisidagi) va taftish komissiyasi (taftishchisi) toʻgʻrisidagi ularning faoliyat tartibini, huquq va majburiyatlarini, shuningdek jamiyatning mazkur organlari tomonidan qarorlar qabul qilish tartib-taomilini belgilovchi nizomlarni tayyorlashi hamda aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida tasdiqlashi shart.
