13-modda. Jamiyatning ustavi
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Ustav jamiyatning taʼsis hujjati boʻlib, unda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
jamiyatning toʻliq (agar boʻlsa qisqartirilgan) firma nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) va elektron pochta manzili;
faoliyatining sohasi (asosiy yoʻnalishlari) va maqsadi;
ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori;
jamiyat aksiyalarining soni, nominal qiymati, turlari (oddiy, imtiyozli);
jamiyat boshqaruvining tuzilmasi, jamiyat kuzatuv kengashining, taftish komissiyasining va ijroiya organining aʼzolari soni, bu organlarni shakllantirish tartibi, ularning vakolatlari.
Jamiyat ustavida jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) bitta aksiyadorga tegishli boʻlgan ulushning eng koʻp miqdoriga cheklovlar belgilanishi mumkin.
Jamiyat ustavida qonunchilikka muvofiq boshqa qoidalar ham koʻrsatilishi mumkin.
Jamiyat aksiyadorning yoki har qanday manfaatdor shaxsning talabiga koʻra uch ish kuni ichida ularga jamiyatning ustavi, shu jumladan ustavga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar bilan tanishib chiqish imkoniyatini berishi shart. Jamiyat aksiyadorning talabiga koʻra unga jamiyat ustavining koʻchirma nusxasini berishi shart.
