11-modda. Jamiyatning muassislari
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyatni tashkil etish toʻgʻrisidagi taʼsis shartnomasini imzolagan yuridik va jismoniy shaxslar jamiyatning muassislari (muassisi) deb eʼtirof etiladi.
Agar qonunda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, davlat organlari jamiyatning muassislari (aksiyadorlari) boʻlishi mumkin emas.
Jamiyat muassislari jamiyatning tashkil etilishi bilan bogʻliq majburiyatlar yuzasidan jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtkazilguniga qadar solidar javobgar boʻladi. Jamiyat muassislarning jamiyatni tashkil etish bilan bogʻliq majburiyatlari yuzasidan muassislarning harakatlari keyinchalik aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida maʼqullangan taqdirdagina javobgar boʻladi.
Davlat tashkiloti aksiyadorlik jamiyati etib oʻzgartirilayotganda davlat mulkini tasarruf etishga vakolatli organ jamiyatning muassisi boʻladi.
Jamiyat muassislari oʻrtasida aksiyalarni taqsimlash taʼsis hujjatiga muvofiq amalga oshiriladi.
