10-modda. Jamiyatni taʼsis etish
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyatni taʼsis etish yoʻli bilan tashkil etish muassislarning (muassisning) qaroriga koʻra amalga oshiriladi. Jamiyatni taʼsis etish toʻgʻrisidagi qaror taʼsis yigʻilishi tomonidan qabul qilinadi. Jamiyat bir muassis tomonidan taʼsis etilgan taqdirda jamiyatni taʼsis etish haqidagi qaror shu muassis tomonidan yakka tartibda qabul qilinadi.
Jamiyatning muassislari uni tashkil etish toʻgʻrisida oʻzaro taʼsis shartnomasini tuzadilar, shartnomada ularning jamiyatni taʼsis etishga doir birgalikdagi faoliyatni amalga oshirish tartibi, jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori, muassislar oʻrtasida joylashtirilishi lozim boʻlgan aksiyalarning turlari, ular uchun toʻlanadigan haqning miqdori va uni toʻlash tartibi, muassislarning jamiyatni tashkil etishga doir huquq va majburiyatlari belgilanadi.
Jamiyatni taʼsis etish toʻgʻrisidagi qaror muassislarning ovoz berish natijalarini hamda jamiyatni taʼsis etish, uning ustavini tasdiqlash, jamiyatning boshqaruv organlarini shakllantirish masalalari yuzasidan muassislar qabul qilgan qarorlarni aks ettirishi kerak.
Jamiyatni taʼsis etish, uning ustavini tasdiqlash toʻgʻrisidagi va muassis tomonidan jamiyatning aksiyalari haqini toʻlash uchun kiritilayotgan qimmatli qogʻozlarning, oʻzga mulkiy huquqlarning yoki pulda ifodalanadigan bahoga ega boʻlgan boshqa huquqlarning pulda ifodalangan bahosini tasdiqlash haqidagi qarorlar muassislar tomonidan bir ovozdan qabul qilinadi.
Chet ellik investorlar ishtirokidagi jamiyatni tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
Davlat tashkiloti aksiyadorlik jamiyati etib oʻzgartirilayotganda aksiyadorlik jamiyatini taʼsis etish toʻgʻrisidagi qaror davlat mulkini tasarruf etishga vakolatli organ tomonidan qabul qilinadi.
Jamiyat muassislari va aksiyadorlarining soni cheklanmaydi.
