8-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash sohasidagi vakolatlari
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida (O‘RQ-369-son) · Sana: 05.05.2014 · Amalda
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash sohasidagi vakolatlariga quyidagilar kiradi:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tarkibiy va hududiy boʻlinmalarining oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotdan foydalanuvchilarning foydalanishini taʼminlashga doir faoliyatini muvofiqlashtirib borish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisida axborot taqdim etish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar, normativ va boshqa hujjatlar ishlab chiqilishi hamda qabul qilinishini tashkil etish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash boʻyicha oʻtkazilayotgan tadbirlar monitoring qilinishini hamda doimiy ravishda kompleks baholanishini tashkil etish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisida axborot taqdim etish uchun masʼul boʻlgan mansabdor shaxslarni belgilash;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisida ularning rasmiy veb-saytlarida joylashtiriladigan axborot roʻyxatini tasdiqlash;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi foydalanilishi qonunchilikka muvofiq cheklab qoʻyilgan axborotga taalluqli maʼlumotlarning roʻyxatini tasdiqlash;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi eʼlon qilinishi (chop etilishi) lozim boʻlgan axborot materiallarini tasdiqlash;
axborotdan foydalanuvchilarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiq hayʼat majlislarida hozir boʻlishi tartibini belgilash;
axborotdan foydalanuvchilarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotdan moneliksiz foydalanishini taʼminlash, ushbu Qonun 6-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan hol bundan mustasno;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisida ularning rasmiy veb-saytlarida joylashtiriladigan axborotning oʻz vaqtida berilishini va ishonchliligini taʼminlash;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga nisbatan tegishli choralar koʻrish.
