14-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni hamma kirishi mumkin boʻlgan xonalar va joylarga joylashtirish
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida (O‘RQ-369-son) · Sana: 05.05.2014 · Amalda
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari oʻzlari egallab turgan hamma kirishi mumkin boʻlgan xonalarda va (yoki) boshqa ajratilgan joylarda tegishli organning faoliyati toʻgʻrisidagi axborot bilan axborotdan foydalanuvchilar tanishishi uchun axborot stendlarini va (yoki) shunday maqsad uchun moʻljallangan boshqa texnik vositalarni joylashtirishi shart.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan axborot stendlarida va (yoki) shunday maqsad uchun moʻljallangan boshqa texnik vositalarda quyidagilar boʻlishi kerak:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining huquqiy maqomini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxati;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ish tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, maʼlumot xizmati telefonlarining, ishonch telefonlarining raqamlari;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rejalashtirilayotgan ochiq hayʼat majlislari toʻgʻrisidagi axborot;
arizalarni, takliflarni hamda shikoyatlarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi axborot;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisida axborot olishga doir soʻrovni qabul qilish tartibi haqidagi axborot;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlarining roʻyxati.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan axborot stendlarida va (yoki) shunday maqsad uchun moʻljallangan boshqa texnik vositalarda qonunchilikka muvofiq davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi boshqa axborot ham boʻlishi mumkin.
