13-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytlari
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida (O‘RQ-369-son) · Sana: 05.05.2014 · Amalda
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytlari Internet jahon axborot tarmogʻidagi ushbu organlarga yoki boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga tegishli boʻlgan va ularning faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni oʻz ichiga olgan rasmiy veb-sayt sifatida identifikatsiya qilinadigan, hamma foydalanishi mumkin boʻlgan resursdir.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytlarida ushbu Qonun 5-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan axborotdan tashqari quyidagilar joylashtirilishi mumkin:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rahbarlari toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma tarzidagi axborot (biografik maʼlumotlar, fuqarolarni qabul qilish kunlari va hokazo);
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining hamda ular tarkibiy va hududiy boʻlinmalarining ish tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, ularning telefon raqamlari hamda pochta manzillari, elektron pochta manzillari, maʼlumot xizmati telefonlarining va ishonch telefonlarining raqamlari, jamoat transportining qatnov yoʻllari, toʻxtash joylarining nomlari va yoʻnalish raqamlari;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rahbarlari, shuningdek ushbu organlar tomonidan vakolat berilgan mansabdor shaxslar chiqishlarining hamda bayonotlarining matnlari;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari huzurida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi axborot;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlarining roʻyxati;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi tahliliy maʼruzalar hamda axborot tusidagi sharhlar;
arizalarni, takliflarni, shikoyatlarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisida axborot;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisida axborot olishga doir soʻrovlarni qabul qilish tartibi haqidagi axborot;
kelib tushgan arizalarni, takliflarni, shikoyatlarni, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisida axborot olishga doir soʻrovlarni koʻrib chiqishning umumiy natijalari haqidagi axborot.
amalga oshirilayotgan profilaktika tadbirlarining mohiyati va ahamiyatiga bagʻishlangan materiallar, qonuniylikning holati va jinoyatchilikning darajasi haqidagi maʼlumotlar, sodir etilgan huquqbuzarliklar hamda ularga chek qoʻyish chora-tadbirlari haqidagi axborot.
