11-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash usullari
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida (O‘RQ-369-son) · Sana: 05.05.2014 · Amalda
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash usullari quyidagilardan iborat:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni eʼlon qilish (chop etish);
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni ularning rasmiy veb-saytlarida joylashtirish va yangilab borish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni hamma kirishi mumkin boʻlgan xonalarga va joylarga joylashtirish hamda yangilab borish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni axborot-kutubxona va arxiv fondlari orqali taqdim etish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiq hayʼat majlislarida axborotdan foydalanuvchilarning hozir boʻlishi uchun sharoitlar yaratish;
axborotdan foydalanuvchilarning soʻrovi asosida ularga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisida ogʻzaki va yozma shaklda (shu jumladan elektron hujjat shaklida) axborot taqdim etish.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash qonunchilikka muvofiq boshqa usullar bilan ham amalga oshirilishi mumkin.
