10-modda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining axborot xizmati
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida (O‘RQ-369-son) · Sana: 05.05.2014 · Amalda
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni tayyorlash hamda tarqatish vazifalarini bajaruvchi, shuningdek ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan hamkorlikni taʼminlovchi tarkibiy boʻlinmasi yoxud ushbu vazifalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxs davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining axborot xizmatidir (bundan buyon matnda axborot xizmati deb yuritiladi).
Axborot xizmati ommaviy tadbirlarni tashkil etish, axborot xabarlarini (press-relizlar, byulletenlar va hokazolarni) tarqatish, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rasmiy veb-saytida ularning faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni joylashtirish va yangilab borish yoʻli bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish chora-tadbirlarini koʻradi. Axborot xizmati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisida axborot tarqatishning qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa usullaridan ham foydalanishi mumkin.
Axborot xizmatining faoliyatini tashkil etish tartibi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan belgilanadi.
