20-modda. Ekologik nazoratning shakllari va usullari
Ekologik nazorat toʻgʻrisida (O‘RQ-363-son) · Sana: 27.12.2013 · Amalda
Davlat, idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazoratining shakllari quyidagilardan iborat:
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilik talablariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishini, davlat ekologik dasturlari va boshqa ekologik dasturlarning amalga oshirilishini tekshirish;
atrof muhit monitoringi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shakllardan tashqari, shuningdek davlat ekologik ekspertizasi davlat ekologik nazoratining, ekologik audit esa, ishlab chiqarish ekologik nazoratining shaklidir.
Davlat, idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazorati atrof muhitga taʼsir koʻrsatuvchi omillarni hisobga olish, atrof muhit hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning holatini tahlil etish, baholash va prognoz qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Jamoatchilik ekologik nazoratining shakllari quyidagilardan iborat:
atrof muhit holatini va uning xoʻjalik faoliyati hamda boshqa faoliyat taʼsiri ostidagi oʻzgarishlarini, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilik talablariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishini, davlat ekologik dasturlari va boshqa ekologik dasturlarning amalga oshirilishini kuzatib borish;
davlat, idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazoratini amalga oshirishda kuzatuvchi sifatida ishtirok etish;
tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining atrof muhitni muhofaza qilish, hududning sanitariya holati, obodonlashtirilishi hamda koʻkalamzorlashtirilishi masalalariga doir axboroti hamda hisobotlarini eshitish;
jamoatchilik ekologik ekspertizasini oʻtkazish.
Jamoatchilik ekologik nazorati atrof muhit va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning holatini tahlil qilish va baholash, shuningdek jamoatchilik fikrini oʻrganish orqali amalga oshirilishi mumkin.
Davlat, idoraviy, ishlab chiqarish va jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishda qonunchilikka muvofiq boshqa shakllar va usullardan ham foydalanilishi mumkin.
