19-modda. Ekologik nazoratni amalga oshirish tartibi
Ekologik nazorat toʻgʻrisida (O‘RQ-363-son) · Sana: 27.12.2013 · Amalda
Davlat ekologik nazorati maxsus vakolatli davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Idoraviy ekologik nazorat davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan davlat boshqaruvi organlari tasarrufidagi tashkilotlarda, shuningdek xoʻjalik boshqaruvi organlarining tarkibiga kiruvchi tashkilotlarda amalga oshiriladi.
Ishlab chiqarish ekologik nazorati xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan oʻz xoʻjalik faoliyatida va boshqa faoliyatda amalga oshiriladi.
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek xoʻjalik yurituvchi subyektlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Ekologik xizmat toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga muvofiq ekologik xizmatni tashkil etishi mumkin.
Jamoatchilik ekologik nazorati fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar tomonidan amalga oshiriladi.
Idoraviy, ishlab chiqarish va jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan idoraviy, ishlab chiqarish va jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomlarga muvofiq belgilanadi.
