3-modda. Asosiy tushunchalar
Garov reyestri toʻgʻrisida (O‘RQ-356-son) · Sana: 23.10.2013 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
garov reyestri — qarzdorlarning majburiyatlari bajarilishini taʼminlash vositasi sifatida berib qoʻygan mol-mulkiga qonunda va ijara shartnomasida nazarda tutilgan hollarda yer uchastkasini ijaraga olish huquqiga nisbatan kreditorlarning huquqlari toʻgʻrisidagi, shuningdek qarzdorning mol-mulkni tasarruf etish va undan foydalanishga doir huquqlariga qonunga muvofiq qoʻyilgan cheklov hamda qarzdor oʻz majburiyatlari lozim darajada bajarilishini taʼminlashi bilan bogʻliq boshqa talablar haqidagi yozuvlarni (bundan buyon matnda yozuvlar deb yuritiladi) oʻz ichiga olgan maʼlumotlarning yagona axborot bazasi;
kreditor — qarzdordan oʻzining majburiyatlari bajarilishini talab qilish, majburiyatlar bajarilmagan hollarda esa — majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash vositasi sifatida berib qoʻyilgan qarzdorning mol-mulki yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi hisobiga oʻz talablarining imtiyozli ravishda qanoatlantirilishini talab qilish huquqiga ega boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs, shuningdek pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasi boʻyicha pul talabnomasini sotib olgan moliya agenti;
qarzdor — kreditor foydasiga mol-mulkni yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqini berish, ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish, pulni toʻlash yoki buzilishi kreditorning majburiyatlar bajarilishini taʼminlash vositasi sifatida qarzdor berib qoʻygan mol-mulkka yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqiga undiruvni qaratishga boʻlgan imtiyozli huquqi yuzaga kelishiga sabab boʻladigan boshqa majburiyatlarni bajarish bilan bogʻliq harakatni sodir etishi shart boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
foydalanuvchilar — garov reyestrini yurituvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnoma asosida garov reyestriga yozuv kiritish huquqiga ega boʻlgan kreditor, qarzdor yoki pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasi boʻyicha pul talabnomasidan voz kechuvchi shaxs (bundan buyon matnda pul talabnomasidan voz kechuvchi shaxs deb yuritiladi) sifatida qatnashayotgan yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek qonunga muvofiq mol-mulkni yer uchastkasini ijaraga olish huquqini tasarruf etish va undan foydalanishni cheklab qoʻyish huquqiga ega boʻlgan tergov hamda surishtiruv organlari, davlat soliq va bojxona xizmati organlari;
yagona roʻyxatdan oʻtkazish raqami — garov reyestriga kiritilgan yozuvga beriladigan alohida roʻyxatdan oʻtkazish raqami.
