26-modda. Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish
Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisida (O‘RQ-354-son) · Sana: 04.10.2013 · Amalda
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
muvofiqlikni baholash organi akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatishni soʻrab ariza bilan murojaat qilganda;
yuridik shaxs boʻlgan muvofiqlikni baholash organi tugatilganda — tugatilgan paytdan eʼtiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan eʼtiboran, bundan uning oʻzgartirilishi mustasno;
muvofiqlikni baholash organi akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlarni Milliy akkreditatsiya organi yoki sud tomonidan belgilangan muddatda bartaraf etmaganda;
muvofiqlikni baholash organi normativ-huquqiy hujjatlarda, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarni muntazam ravishda buzganda yoki bir marta qoʻpol tarzda buzganda;
Milliy akkreditatsiya organining akkreditatsiya toʻgʻrisida guvohnoma berish haqidagi qarori noqonuniy ekanligi aniqlanganda;
akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilish muddati oʻtganda.
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish Milliy akkreditatsiya organi tomonidan amalga oshiriladi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Ushbu modda birinchi qismining toʻrtinchi — oltinchi xatboshilarida koʻrsatilgan hollarda akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish sudning hal qiluv qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Milliy akkreditatsiya organining akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish haqidagi qarori muvofiqlikni baholash organiga qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmasdan yozma shaklda yetkaziladi. Sudning akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish haqidagi hal qiluv qarori muvofiqlikni baholash organiga va Milliy akkreditatsiya organiga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yetkaziladi.
Muvofiqlikni baholash organi Milliy akkreditatsiya organining yoki sudning akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish haqidagi qarorini olgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnoma Milliy akkreditatsiya organiga qaytarilishi va yoʻq qilib yuborilishi lozim.
Milliy akkreditatsiya organining akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish haqidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish sud tomonidan asossiz deb topilgan taqdirda, Milliy akkreditatsiya organi muvofiqlikni baholash organi oldida u koʻrgan zarar miqdorida javobgar boʻladi.
