25-modda. Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turish
Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisida (O‘RQ-354-son) · Sana: 04.10.2013 · Amalda
Inspeksiya nazorati davomida aniqlangan nomuvofiqliklar bartaraf etilmagan taqdirda, akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi toʻxtatib turilishi mumkin.
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turish Milliy akkreditatsiya organi yoki sud tomonidan amalga oshiriladi. Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi Milliy akkreditatsiya organi tomonidan oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga, sud tomonidan esa, oʻn ish kunidan koʻp boʻlgan muddatga toʻxtatib turilishi mumkin.
Milliy akkreditatsiya organining akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turish haqidagi qarori muvofiqlikni baholash organiga qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmasdan yozma shaklda yetkaziladi. Sudning akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turish haqidagi hal qiluv qarori muvofiqlikni baholash organiga va Milliy akkreditatsiya organiga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yetkaziladi.
Muvofiqlikni baholash organi akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etgan taqdirda, akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turish haqida qaror qabul qilgan Milliy akkreditatsiya organi yoki sud mazkur holatlar bartaraf etilganligi haqidagi tasdiqni olgan kundan eʼtiboran oʻn kun muddat ichida akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini qayta tiklash haqida qaror qabul qilishi shart.
Milliy akkreditatsiya organining akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turish haqidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turish sud tomonidan asossiz deb topilgan taqdirda, Milliy akkreditatsiya organi muvofiqlikni baholash organi oldida u koʻrgan zarar miqdorida javobgar boʻladi.
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi toʻxtatib turilganligi va qayta tiklanganligi haqidagi maʼlumotlar ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi lozim.
