9-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari
Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish toʻgʻrisida (O‘RQ-353-son) · Sana: 23.09.2013 · Amalda
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organiga tasdiqlash uchun kiritadi va amalga oshiradi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining OITSga qarshi kurashish markazini, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalarining va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasining OITSga qarshi kurashish markazlarini, shuningdek tumanlararo OIV infeksiyasiga tashxis qoʻyish laboratoriyalarini zamonaviy davolash-tashxis qoʻyish asbob-uskunalari bilan jihozlash hamda ularni taʼmirlash-rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirishda ishtirok etadi;
aholi oʻrtasida OIV infeksiyasi profilaktikasi masalalari boʻyicha axborot-tushuntirish ishlarini tashkil etish va oʻtkazishda ishtirok etadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
