10-modda. Respublika epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasi
Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish toʻgʻrisida (O‘RQ-353-son) · Sana: 23.09.2013 · Amalda
Respublika epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasi (bundan buyon matnda Respublika komissiyasi deb yuritiladi) davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha oʻtkaziladigan tadbirlarni muvofiqlashtirishni amalga oshiradi.
Respublika komissiyasi:
OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqadi va ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
OIV infeksiyasi tarqalishiga sabab boʻladigan gʻayriijtimoiy holatlarga barham berishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqadi, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, shu maqsadda aholi oʻrtasida OIV infeksiyasi profilaktikasi masalalari boʻyicha axborot-tushuntirish ishlarini oʻtkazadi;
Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning ayrim joylarida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha oʻtkazilayotgan tadbirlar monitoringini hamda ularni doimiy ravishda har tomonlama baholashni amalga oshiradi, zarur boʻlgan hollarda OIV infeksiyasi boʻyicha epidemik vaziyat murakkablashuvining oldini olish yuzasidan qoʻshimcha tadbirlar ishlab chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika OITSga qarshi kurashish markazi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining OITSga qarshi kurashish markazi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalarining va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasining OITSga qarshi kurashish markazlari, shuningdek tumanlararo OIV infeksiyasiga tashxis qoʻyish laboratoriyalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlarni koʻradi, ularni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlashga koʻmaklashadi;
OIV infeksiyasi profilaktikasi, OIV infeksiyasiga tashxis qoʻyish va uni davolashning inson sogʻligʻi uchun xavfsiz boʻlgan usullarini amaliyotga joriy etish boʻyicha tavsiyalarni oʻrganadi va ishlab chiqadi;
xalqaro va chet el tashkilotlari bilan OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha oʻzaro aloqani, Oʻzbekiston manfaatlariga mos keladigan hamkorlik oʻrnatilishini taʼminlaydi.
