19-modda. OIVni yuqtirib olganlarning huquq va majburiyatlari
Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish toʻgʻrisida (O‘RQ-353-son) · Sana: 23.09.2013 · Amalda
OIVni yuqtirib olganlar:
OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish natijalarini va OIV tarqalishining oldini olishga doir tavsiyalar olish;
oʻz huquqlari toʻgʻrisida, oʻzidagi mavjud kasalliklarning xususiyati va tibbiy yordam koʻrsatishda qoʻllaniladigan usullar haqida axborot olish;
oʻziga nisbatan insonparvarlik munosabatida boʻlinishi;
psixologik yordam olish huquqiga ega.
OIVni yuqtirib olganlar:
tibbiyot xodimlari tomonidan tavsiya etilgan OIV infeksiyasini tarqatmaslikka doir chora-tadbirlarni bajarishi;
sogʻlom odamlar bilan muloqotda ehtiyot choralariga rioya etishi;
jinsiy sherigini, shuningdek teri va shilliq qatlamlarning yaxlitligini buzuvchi muolajalarda sanchiladigan va kesadigan asboblardan foydalanadigan tibbiyot xodimlarini va xizmat koʻrsatish sohasi xodimlarini oʻz kasalligi toʻgʻrisida xabardor etishi shart.
OIVni yuqtirib olganlar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va ularning zimmasida oʻzga majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
