2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining mudofaasini tashkil etish
Mudofaa toʻgʻrisida (641-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Kuchini yo'qotgan
Oʻzbekiston Respublikasining mudofaasini tashkil etish:
harbiy siyosatni, harbiy doktrinani ishlab chiqishni va harbiy fanni rivojlantirishni;
tajovuzlarning oldini olish yuzasidan xalqaro maydonda tegishli tadbirlarni amalga oshirishni; xavfsizlikning jamoa boʻlib amalga oshiriladigan tadbirlarini ishlab chiqish va oʻtkazishda qatnashish imkoniyatlarini;
davlat chegaralarini qoʻriqlashni;
harbiy-texnika siyosatini, harbiy-iqtisodiy tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishni va Qurolli Kuchlarni qurol-yarogʻ, harbiy texnika bilan, harbiy-texnika ashyolari, oziq-ovqat hamda boshqa moddiy-texnika vositalari bilan toʻla-toʻkis taʼminlab turishni;
xalq xoʻjaligini, davlat idoralarini, boshqaruv tizimini safarbarlikka tayyorlashni;
aholini va respublika hududini mudofaaga tayyorlashni;
Qurolli Kuchlarning kerakli tuzilmalarini hozirlash, tayyorgarlik darajasini kuchaytirish hamda zarur tarkibini va miqdorini taʼminlash, ularning jangovarlik qobiliyati, jangovar va safarbarlik tayyorgarligi Oʻzbekiston Respublikasiga qarshi qaratilgan harbiy igʻvogarliklarning payini qirqishni va tajovuzlarni daf etishni taʼminlaydigan darajada boʻlishini;
mudofaa va harbiy qurilishga doir masalalarni qonun yoʻli bilan tartibga solib borishni oʻz ichiga oladi.
