7-modda. Dori vositalarini ishlab chiqarish
Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida (415-I-son) · Sana: 25.04.1997 · Kuchini yo'qotgan
Dori vositalarini ishlab chiqarish — dori vositalarini ularni ishlab chiqarish hamda sifatini nazorat qilishni tashkil etish qoidalariga muvofiq koʻplab hosil qilish, shu jumladan toʻliq texnologik turkum yoki uning ayrim bosqichlari: dori vositalarini sintez (biosintez) qilish, ekstraksiyalash, tozalash, ularga ishlov berish, ularni qadoqlash, idishga joylash-oʻrash va ularni markalash bosqichlari boʻyicha hosil qilish.
Oʻzbekiston Respublikasida davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan dori vositalarini, qalbakilashtirilgan dori vositalarini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining gʻayriqonuniy nusxalarini ishlab chiqarish taqiqlanadi.
Dori vositalari davlat reestridan chiqarilgan taqdirda ishlab chiqarilgan hamda dorixonalar, omborlar va davolash-kasallikning oldini olish muassasalarida mavjud boʻlgan mazkur dori vositalarining qoldiqlari masalasi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan hal qilinadi.
Dori vositalarini yaratish, ularni sinash, ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, yoʻq qilishni amalga oshiruvchi korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlar dori vositalarining sifatini nazorat qiluvchi ichki idoraviy xizmatga ega boʻlishlari kerak.
