“10-modda. Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalasi sohasidagi faoliyatni litsenziyalash
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-352-son) · Sana: 30.04.2013 · Amalda
Ionlashtiruvchi nurlanish manbalari muomalasi sohasidagi faoliyat belgilangan tartibda berilgan litsenziya asosida amalga oshiriladi va quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini ishlatish sohasidagi ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlarini, ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini loyihalashtirish, barpo etishni, ular uchun texnologik asbob-uskunalarni, radiatsiyadan muhofaza qilish vositalarini yaratish va tayyorlashni;
ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini qazib olishni, ishlab chiqarishni, hosil qilishni, qayta ishlashni, ulardan foydalanishni, ularni saqlash, ularga xizmat koʻrsatishni, ularni tashishni, zararsizlantirishni, utilizatsiya qilishni va koʻmib tashlashni”.
35-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 11-mayda qabul qilingan “Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi 215–II-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 5, 84-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-yil, № 12, 470-modda) quyidagi qoʻshimchalar va oʻzgartish kiritilsin:
1) 11-modda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan, sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimida gʻayriixtiyoriy tartibda davolanayotgan shaxslar mazkur moddada nazarda tutilgan barcha huquqlardan foydalanadi, shu jumladan biror-bir cheklovlarsiz xatlar yozish va olishga, posilkalar, banderollar va pul joʻnatmalari olishga, telefondan foydalanishga, eng zarur narsalarga ega boʻlish va ularni olishga, oʻz kiyim-boshidan foydalanishga haqli”;
ikkinchi — yettinchi qismlari tegishincha uchinchi — sakkizinchi qismlar deb hisoblansin;
2) quyidagi mazmundagi 121, 122 va 123-moddalar bilan toʻldirilsin:
