25-modda. Fuqarolar yigʻini organlarining faoliyatini tashkil etish
“Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-350-son) · Sana: 22.04.2013 · Amalda
Fuqarolar yigʻini organlarining faoliyatini tashkil etishni uning kengashi hamda fuqarolar yigʻinining raisi amalga oshiradi.
Fuqarolar yigʻini raisining oʻrinbosarlari (fuqarolar yigʻini raisining keksalar va faxriylar ishlari hamda yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchilari) va maslahatchilari oʻrtasida vazifalarni taqsimlash raisning taqdimnomasiga koʻra fuqarolar yigʻini tomonidan amalga oshiriladi.
Fuqarolar yigʻini kengashi oʻz devoniga ega boʻlishi mumkin, uning miqdor tarkibi fuqarolar yigʻini tomonidan belgilanadi. Masʼul kotib va kengash devoni xodimlari fuqarolar yigʻinini (fuqarolar vakillarining yigʻilishini), fuqarolar yigʻini kengashi majlisini oʻtkazishga doir materiallarni tayyorlaydi, fuqarolar yigʻinining, fuqarolar yigʻini kengashining va fuqarolar yigʻini raisining qarorlari ijrochilarga oʻz vaqtida yetkazilishini taʼminlaydi, ish yuritishni olib boradi.
Fuqarolar yigʻinining raisi, masʼul kotibi va kengash devoni xodimlari fuqarolar yigʻinining oʻz mablagʻlari va qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan taʼminlanishi mumkin.
