21-modda. Fuqarolar yigʻinini (fuqarolar vakillarining yigʻilishini) chaqirish tartibi
“Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-350-son) · Sana: 22.04.2013 · Amalda
Fuqarolar yigʻini fuqarolar yigʻinining raisi, kengashi tomonidan zaruratga koʻra, lekin har chorakda kamida bir marta chaqiriladi. Fuqarolar yigʻini xalq deputatlari tuman, shahar Kengashining, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman, shahar hududiy kengashining yoki oʻn sakkiz yoshga toʻlgan va tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolarning kamida uchdan bir qismi tashabbusi bilan chaqirilishi mumkin.
Fuqarolar yigʻini fuqarolar yigʻinida qatnashish huquqiga ega boʻlgan barcha aholining yarmidan koʻprogʻi hozir boʻlgan taqdirda vakolatlidir.
Fuqarolar yigʻinini olib borish uchun rayosat saylanadi. Yigʻinni fuqarolar yigʻinining raisi yoki raisning oʻrinbosarlaridan (fuqarolar yigʻini raisining keksalar va faxriylar ishlari hamda yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchilaridan) biri olib boradi. Barcha masalalar boʻyicha qarorlar ochiq yoki yashirin ovoz berish orqali oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Fuqarolar yigʻinida oʻtkazilgan sanasi, hozir boʻlgan fuqarolar soni, kun tartibi va qabul qilingan qarorlar koʻrsatilgan bayonnoma yuritiladi. Fuqarolar yigʻinining bayonnomasi va qarori fuqarolar yigʻinining raisi va masʼul kotibi tomonidan imzolanadi. Fuqarolar yigʻini raisi yoʻqligida, fuqarolar yigʻinining bayonnomasi va qarori raisning maslahatchilaridan biri va masʼul kotib tomonidan imzolanadi.
Fuqarolar yigʻinini chaqirishning imkoni boʻlmagan taqdirda, fuqarolar yigʻini kengashi fuqarolar vakillarining yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Fuqarolar vakillarining yigʻilishiga hovlilar, uylar, koʻchalardan fuqarolarning vakillari yuboriladi. Vakillik normasini fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi tegishli komissiya belgilaydi.
Fuqarolar vakillarining yigʻilishi unda fuqarolarning hovlilar, uylar, koʻchalar vakillarining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlgan taqdirda vakolatlidir hamda ushbu Qonunda fuqarolar yigʻinlarini oʻtkazish tartibiga qoʻyiladigan talablarga muvofiq oʻtkaziladi.
Fuqarolar yigʻinida (fuqarolar vakillarining yigʻilishida) tegishli hududda joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning vakillari oʻz faoliyatlariga doir masalalar boʻyicha maslahat ovozi bilan ishtirok etishga haqlidir.
