20-modda. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish
“Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-350-son) · Sana: 22.04.2013 · Amalda
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi (bundan buyon matnda Respublika kengashi deb yuritiladi) tomonidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlarda esa fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha hududiy kengashlar (bundan buyon matnda hududiy kengashlar deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari tegishincha Respublika kengashida, hududiy kengashlarda jamoatchilik asosida raislik qiladi.
Respublika kengashi va hududiy kengashlar raislarining birinchi oʻrinbosarlari bir vaqtning oʻzida tegishincha Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondining respublika boshqaruvida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlimlarida, tumanlar va shaharlar boʻlinmalarida raislik qiladi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tegishli kengashlarni shakllantirish tartibi va ularning vakolatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan nizomlarda belgilanadi.
