17-modda. Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashishi
“Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-350-son) · Sana: 22.04.2013 · Amalda
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tegishli hududda tadbirkorlik faoliyatini, shu jumladan oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida maslahat markazlari tashkil etishga haqli.
Maslahat markazlari yuridik shaxs boʻlmaydi. Maslahat markazlari faoliyati bilan bogʻliq xarajatlar fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining oʻz mablagʻlari hisobidan qoplanadi, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan qoplanishi mumkin.
Davlat organlari maslahat markazlari faoliyatini tashkil etishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga koʻmaklashadi, maslahat markazlari oʻz vazifalarini amalga oshirishi uchun fuqarolar yigʻinlariga belgilangan tartibda binolar beradi. Tegishli hududda joylashgan taʼlim muassasalari fuqarolar yigʻini soʻroviga binoan maslahat markazlariga qisqa muddatli kurslarni oʻtkazish uchun oʻquv jarayonlaridan boʻsh boʻlgan oʻquv xonalarini berib turishi mumkin.
Davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar vakillari, shuningdek fuqarolar maslahat markazlarining ishida qatnashishi, xususan, qisqa muddatli kurslarda taʼlim berishi, tegishli hududda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatlar berishi mumkin.
Maslahat markazlari:
tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilmoqchi boʻlgan, tegishli hududda yashovchi fuqarolarni iqtisodiyot, buxgalteriya hisobi, tadbirkorlik faoliyati toʻgʻrisidagi va soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik asoslarini oʻrgatish boʻyicha qisqa muddatli kurslar tashkil etadi, shuningdek ularga tadbirkorlik faoliyati subyektlariga qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va preferensiyalar haqida maʼlumot beradi;
bandlikka koʻmaklashish markazlari bilan birgalikda yoshlarning tegishli hududda joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga ishga joylashishiga, ularning ushbu korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga, shuningdek hunarmandlarga biriktirilishiga koʻmaklashadi;
tegishli hududda yashovchi fuqarolarga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishda, shu jumladan tadbirkorlik faoliyati subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun tegishli hujjatlarni tayyorlashda koʻmaklashadi;
