13-modda. Fuqarolar yigʻini kengashining vakolatlari
“Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-350-son) · Sana: 22.04.2013 · Amalda
Fuqarolar yigʻinining qarorlarini bajarish va fuqarolar yigʻinlari oraligʻidagi davrda fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining joriy faoliyatini amalga oshirish uchun fuqarolar yigʻinining kengashi shakllantiriladi.
Fuqarolar yigʻini kengashi tarkibiga fuqarolar yigʻinining raisi, uning oʻrinbosarlari (fuqarolar yigʻini raisining keksalar va faxriylar ishlari hamda yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchilari) va maslahatchilari, masʼul kotib, mahalla xotin-qizlar faoli, shuningdek hududdagi profilaktika inspektorlari, taʼlim muassasalarining, oilaviy vrachlik punktlarining va oilaviy poliklinikalarning rahbarlari kiradi.
Fuqarolar yigʻinining kengashi:
fuqarolar yigʻinini (fuqarolar vakillarining yigʻilishini) chaqiradi;
fuqarolar yigʻini faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha komissiyalar ishini muvofiqlashtiradi, homiylik tashkilotlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikdagi tadbirlarni oʻtkazadi;
fuqarolar yigʻini raisining taqdimiga koʻra fuqarolar yigʻini kengashining devonini shakllantiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlariga ularning saylovchilar bilan uchrashuvlarini uyushtirishda, fuqarolarni qabul qilishda, ular oʻz saylov okruglarida boshqa vakolatlarini amalga oshirishda koʻmaklashadi;
ommaviy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy, sport tadbirlarini va boshqa tadbirlarni, shuningdek muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish boʻyicha tadbirlarni oʻtkazishda, tegishli hududning, suv taʼminoti manbalarining, turar joylarning, taʼlim muassasalarining sanitariya va ekologiya holati, yongʻinga qarshi xavfsizlik talablariga, veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalariga, savdo qoidalari va fuqarolarga xizmat koʻrsatish madaniyatiga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda tegishli davlat organlariga koʻmaklashadi;
xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, ularning jamiyat hayotidagi, oilada maʼnaviy-axloqiy muhitni shakllantirishdagi, yosh avlodni tarbiyalashdagi rolini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni koʻradi;
