7-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi vakolatlari
“Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-348-son) · Sana: 10.04.2013 · Amalda
Mahalliy davlat hokimiyati organlari:
yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha davlat dasturlarini amalga oshiradi;
yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va ularning amalga oshirilishi ustidan nazorat olib boradi;
yoʻl harakati xavfsizligi tibbiy jihatdan taʼminlanishini, shuningdek yoʻl-transport hodisalarida jabrlanganlarga tibbiy yordam koʻrsatilishini tashkil etadi;
yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, aholiga yoʻllarda yurish-turish xavfsizligi qoidalarini oʻrgatish, yoʻl harakati xavfsizligini targʻib qilish hamda ekologik xavfsizlik talablariga rioya etish boʻyicha chora-tadbirlarni koʻradi;
shaharlardagi, shaharchalar va qishloq aholi punktlaridagi koʻchalarning, yoʻlkalarning hamda yoʻl harakatini tartibga solish vositalarining, shuningdek shahar elektr transporti yoʻllarining jihozlanishi va soz holatda saqlanishini taʼminlaydi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
